Hamkorlik sarhadlarini kengaytirib!

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli "Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoniga muvofiq, oliy ta'lim, fan sohasida to'g'ridan-to'g'ri va o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, o'quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filiali va M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog'iston davlat universiteti (Shimkent shahri, Qozog'iston Respublikasi) o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi  imzolandi.

M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog'iston Davlat Universiteti yetmish besh yillik tarix va rivojlangan ta'lim va tadqiqot infratuzilmasiga ega eng yirik ko'p tarmoqli universitet hisoblanadi va dunyoning eng yaxshi top-500 universitetlari (QS World University Rankings bo'yicha 498-chi) qatoriga kiritilgan. Oliy ta’lim muassasining bakalavr va magistr tayyorlov yo’nalishlari iqtisodiyotning bir qator sohalarini o’z ichiga olib, jumladan, “Neft va gaz ishi” yo’nalшshi bo’yicha ham mutaxassis kadrlarni yetishtirib kelmoqda.

Ushbu Memorandumda ko’zlangan maqsadga erishishda quyidagilar o’zaro hamkorlikning asosiy yo’nalishlari etib belgilandi:

  • talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o'qituvchilar almashinuvi asosida ularning stajirovkasi va amaliyotini (o'quv, ishlab chiqarish, tadqiqot, diplomoldi, pedagogik) tashkil qilish;
  • o'zaro manfaatli sohalarda yuqori malakali ilmiy va pedagogik kadrlar va mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlik qilish;
  • tomonlar professor-o'qituvchilari va ma'muriyat xodimlari ishtirokida ma'ruzalar, master-klasslar (shu jumladan onlayn) tashkil qilish va o’tkazish;
  • yosh mutaxassislarning magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari ishlariga har ikkala tomon professor-o'qituvchilarning birgalikda rahbarlik qilishi ilmiy maslahatlar berib borishi orqali birgalikda ilmiy-texnik tadqiqotlar o'tkazish;
  • qo'shma konferentsiyalar, seminarlar, simpoziumlar, davra suhbatlari va boshqa turdagi tadbirlarni o'tkazish;
  • ilmiy nashrlar, ilmiy tadqiqotlar, o'quv-uslubiy adabiyotlar, davriy nashrlar, ta’lim sohasida hamda mutaxassislik yo’nalishlari bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma'lumotlar almashinuvi;
  • har ikkala tomonlarda mavjud ta’lim dastrulari doirasida grantlar uchun qo'shma arizalarni tayyorlash va boshqalar.