Yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish

6 dekabr kuni I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (MTU) universitetining Toshkent shahridagi Filialida huquqiy savodxonlik oyligi doirasida, UEE-17-01-02, UTP-18-01 akademik guruhlari 1-2 kurs talabalari o'rtasida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda yuridik fanlar doktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Xamedov Isa Axlimanovich, Filial o'qituvchilari, ustoz-murabiylar ishtirok etdilar.

Xamedov I.A. o'z nutqida, yoshlar tarbiyasi sohasidagi olib borilayotgan davlat siyosatining ahamiyati zarur ko’lamdagi nazariy va amaliy bilimlarni olishga bo’lgan imkoniyatlar yaratish, yoshlarga mustaqil fikrlashi uchun kafolatlar berilish va umuman olganda, sog'lom va barkamol avlodni shakllantirishga qaratilganligini ta'kidlab o’tdi. Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning qobiliyatlarini ro'yobga chiqarish, ularning ijodiy, ilmiy va boshqa iste'dodlarini rivojlantirish uchun huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy sharoitlarni yaratishga yo’naltirilgan ko'plab muhim hujjatlarning qabul qilinishi yuqoridagi maqsadlarni ta'minlashga xizmat qiladi. Yoshlar davlat dasturida o’sib kelayotgan avlodning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida amalga oshirish bilan bog'liq muhim vazifalar belgilab oldi.

Mutaxassis ta'kidlaganidek, Asosiy qonunda, hamda O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan huquq va erkinliklarning ro'yobga chiqarilishi, yoshlar tomonidan jamiyatda munosib o'ringa ega bo’lish va ularning huquqiy madaniyatini oshirish bilan uzviy bog'liq bo'lgan jarayondir. Shu bois, Adliya vazirligi tegishli vazirliklar, tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda hamkorlik rejalari asosida ko'plab namunali ishlar amalga oshirayotgani diqqatga sazovordir.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan amaldagi qonunchilik to'g'risidagi bilimlari va ushbu bilimlarni hayotda qo’llashi fuqarolik jamiyati tamoyillariga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishning muhim vositasi ekanligiga urg’u berildi.

Muhokama davomida talabalar va o’qituvchilar sud va huquqni muhofaza qilish organlarining mahalliy huquqiy targ'ibot ishlarini olib borishda tutgan o'rni, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida, umumta'lim muassasalarida huquqiy ta’lim va tarbiya muammolari, shuningdek, yoshlar o’rtasida huquqiy targ'ibot ishlari samaradorligini oshirish masalalariga batafsil to'xtalib o'tdilar.